TARIXI

Zamonaviy beshkurash sport turi 19 asrda Shvetsiyada paydo bo‘lgan. Avvaliga u zobitlar beshkurashi deb nomlangan hamda 1948 yilga qadar u bilan faqat zobit sportchilar shug‘ullangan. Zobitlik beshkurashi bo‘yicha dastur muallifi fransuz sport va jamoat faoli Pyer de Kubertendir. Uning dasturi harbiy chavandozlar uchun mo‘ljallangan quyidagi eng muhim ko‘nikmalarni birlashtirgan: ot minish, sovuq va o‘qotar qurollardan foydalanish, suvdagi to‘siqlarni yengish va notekis joylarda piyoda harakatlanish. Shu tariqa Pyer de Kuberten yangi sport intizomini yaratdi. Bu qoidalar sportchining mukammal, har tomonlama rivojlangan atlet bo‘lib chiqishi yo‘lida, uning axloqiy-psixologik va jismoniy imkoniyatlari hamda ko‘nikmalarini munosib baholay oladi.

1912 yildan boshlab zamonaviy beshkurash sporti Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritildi. Tarixda birinchi beshkurashchi chempion nomini olgan shved millatiga mansub Gustaf Liliyexyok 32 nafar raqibini yengib o‘tdi

Zamonaviy beshkurash yo’nalishining rivojlanishi

1948 yilda Xalqaro zamonaviy beshkurash ittifoqi (UIPM) tashkil etildi. 1920 yilda olimpiya chempionligini qo‘lga kiritgan Gustaf Dirssen (Shvetsiya) uning asoschilaridan biri va birinchi prezidenti bo‘ldi. 1949 yilda esa yangi Ittifoq rahbarligida Stokgolm shahrida zamonaviy beshkurash bo‘yicha Birinchi jahon chempionati o‘tkazildi. Unda shved sportchisi Tage Byurefelt g‘alaba qozondi. Uning muvaffaqiyati asosli edi, chunki 1912-1956 yillar davomida Olimpiadalarda faqat Shvetsiya vakillari g‘alaba qozonib kelishardi (yagona istisno holat — 1936 yilgi Olimpiya o‘yinlarida g‘alaba Germaniya vakiliga nasib etgan). Beshkurash bo‘yicha Olimpiya o‘yinlaridagi shaxsiy musobaqalarda, shved sportchilari umumiy hisobda 9 ta g‘alabaga erishgan. Masalan, Shvetsiya vakillaridan biri Lars Xall hatto ikki marta Olimpiya o‘yinlari g‘olibiga aylangan (1952 va 1956 yillarda), u yillar davomida ketma-ket g‘alaba qozonib, 1950 yilda jahon tarixida ilk “fuqarolik” chempionligini qo‘lga kiritgan.

Beshkurashchi ayollar

1981 yildan beri ayollar orasida jahon chempionati o‘tkazib kelinadi. Birinchi chempion Shvetsiya vakili Anne Algren bo‘lgan. Eng ko‘p shaxsiy unvonlarni qo‘lga kiritgan ayol daniyalik Yeva Fyellerup bo‘lib, u to‘rt marta g‘alaba qozongan. Ayollar beshkurashi sport turida bugungi kunda ham yetakchilikni qo‘ldan boy bermayotgan Vengriya vakili Syuzanna Vorosh jahon chempionatida uch karra birinchilikni egallagan. Sobiq Ittifoq sportchisi Irina Kiseleva ikki marta g‘alabaga erishgan, yaʼni 1986 va 1987 yillarda. Jamoaviy musobaqalarda Polsha vakilalariga teng keladigan yo‘q, ularning bisotida 9 ta oltin medal bor. Buyuk Britaniya ayollari olti marta birinchilikni qo‘lga kiritgan. Vatandoshlarimiz esa 4 marta jahon shoxsupasi cho‘qqisini egallagan. Ayollar beshkurashi 2000 yildan buyon Olimpiya dasturiga kiradi. Sidneyda Stefani Kuk (Buyuk Britaniya) eng kuchli bo‘lgan, Afinadagi Olimpiadada esa Syuzanna Vorosh yetakchilik qilgan.